
Turkiyaning janubi-g‘arbiy sohillarida 5,8 magnitudali kuchli yer silkinishi qayd etildi. Tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD) tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, zilzila epimarkazi Egey dengizi hududida, mashhur turizm markazlaridan biri hisoblanadigan Marmaris shahri yaqinida bo‘lib o‘tgan. Yer osti silkinishining chuqurligi qariyb 68 kilometrni tashkil qilgan.
Mug‘la gubernatori Idris Oqbiyiq voqea natijasida ko‘plab odamlar vahimaga tushib, shoshilinch tarzda xavfsiz joylarga ko‘chishga harakat qilganini ma’lum qildi. Bu jarayonda ba’zi aholi va turistlar balandlikdan sakrashga majbur bo‘lgan va natijada 34 kishi turli xil jarohat olgan. Keyingi ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy jarohatlanganlar soni 69 kishiga yetgan. Shulardan 55 kishi tibbiy muassasalarga yotqizilgan bo‘lsa, 14 nafari tibbiy yordamni uy sharoitida olishni afzal ko‘rgan.
Afsuski, zilzila oqibatida yuz bergan xavotirli holatlar tufayli 14 yoshli o‘smir vahima sababli halok bo‘lgan.
Hozirgi vaqtgacha mahalliy ma’muriyat va mas’ul idoralar tomonidan infratuzilma, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarida jiddiy muammolar qayd etilmagani aytiladi. Biroq, mutaxassislar vaziyatni muntazam kuzatib borishmoqda va aholini ehtiyotkorlikka chaqirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya so‘nggi yillarda seysmik jihatdan eng faol mintaqalardan biri hisoblanadi. Bu yerda muntazam ravishda kuchli zilzilalar kuzatilib, aholining katta tashvishiga sabab bo‘lmoqda. 2023 yilning fevral oyida Turkiyada Rixter shkalasi bo‘yicha 7,5 va undan yuqori kuchga ega bo‘lgan qator kuchli zilzilalar sodir bo‘lgan edi. Bu tabiiy ofat mamlakatning 11 ta viloyatini qamrab olgan va qo‘shni davlatlarga ham ta’sir ko‘rsatgan edi. Natijada 50 mingdan ortiq kishi qurbon bo‘lgan, yuz minglab insonlar uysiz qolgan.
Shu bilan birga, turk seysmologlari va xalqaro ekspertlar yanada kuchliroq va vayronkor zilzilalar ehtimolidan ogohlantirishmoqda. Ayniqsa, Marmar dengizi va Istanbul shahri uchun alohida xavf borligi ta’kidlanmoqda. Seysmologlarning fikricha, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Istanbulda kuchli zilzila sodir bo‘lish ehtimoli juda yuqori bo‘lib, uning salbiy oqibatlari 1999 yildagi halokatdan ham og‘irroq bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, 1999 yilgi zilzila natijasida 17 mingdan ortiq odam hayotdan ko‘z yumgan edi.
Mutaxassislar aholini seysmik xavfsizlik choralariga amal qilish, favqulodda vaziyatlarda o‘zini qanday tutish kerakligi haqida tushuntirish ishlarini olib borishmoqda. Ular, ayniqsa, ko‘p qavatli binolar va turistik obyektlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirishni talab qilmoqdalar.
Hozirda Marmarisda vaziyat nazorat ostida bo‘lib, hukumat va qutqaruvchi idoralar tomonidan zarur chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Zilzilaning salbiy oqibatlarini bartaraf etish va aholi xavfsizligini ta’minlash uchun barcha kuch va vositalar safarbar etilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar