
Londonning "Tottenxem" jamoasi tarkibidagi asosiy yulduzlardan biri — Son Xin Minning taqdiri hali ham noaniqligicha qolmoqda. Janubiy koreyalik hujumchi kelasi mavsumni qayerda boshlashi masalasi muxlislar va ekspertlar o‘rtasida qizg‘in muhokama etilmoqda.
Frankning rejalarida Son bormi?
Jamoaning yangilangan bosh murabbiyi Tomas Frank kelasi mavsum uchun tarkibni qayta shakllantirishni rejalashtirmoqda. U o‘z uslubiga mos keladigan futbolchilarni jamoada qoldirib, qolganlar bilan xayrlashishni maqsad qilgan. Shu nuqtayi nazardan, Son Xin Min ham ehtimoliy transferlar ro‘yxatida paydo bo‘lgan.
Biroq…
Tijoriy sabablar tufayli hozircha sotilmaydi
“Tottenxem”ning Osiyodagi tijoriy safar rejalari Sonning yaqin orada jamoani tark etishiga yo‘l qo‘ymayapti. Ma’lumotlarga qaraganda, jamoa yozda Janubiy Koreyaga tashrif buyuradi va u yerda “Nyukasl”ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etadi. Bu o‘yin klubning reklamaviy va moliyaviy loyihalari bilan bog‘langan bo‘lib, Sonning maydonda bo‘lishi shart qilib belgilangan.
Agar hujumchi bu o‘yinda ishtirok etmasa, "Tottenxem" katta miqdorda jarima to‘lashga majbur bo‘ladi. Shu bois, jamoa hozircha o‘z yulduzini tark etishiga ruxsat bermaydi.
Avgustda katta ehtimol bilan ketadi
Shuningdek, mutaxassislar va insayderlar ta’kidlashicha, Son Xin Minning transferi bo‘yicha muzokaralar avgust oyida qayta jonlanishi mumkin. Sababi, Janubiy Koreya safaridan keyin klubning tijoriy majburiyatlari tugaydi va hujumchining taqdiri ochiq qoladi.
Eslatib o‘tamiz, Sonning "Tottenxem" bilan amaldagi shartnomasi 2026 yil yozigacha mo‘ljallangan. Uning jamoadagi nufuzi katta, ammo yoshi va maoshi tufayli klubning moliyaviy strategiyasida muayyan to‘siq sifatida ko‘rila boshlagani haqida ham xabarlar bor.
Mahalliy va Osiyo bozori uchun muhim shaxs
Shuningdek, Son "Tottenxem" uchun nafaqat sport jihatidan, balki tijoriy va marketing nuqtayi nazaridan ham juda qimmat aktiv hisoblanadi. Ayniqsa, Osiyo bozoridagi ta’siri — jamoaga katta daromad keltirib turadi. Shu bois, uning transferida nafaqat sport, balki biznes manfaatlar ham hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Xulosa qilib aytganda, Son Xin Minning “Tottenxem”dan ketishi hozircha amalga oshmasligi mumkin. Ammo avgust oyida vaziyat keskin o‘zgarishi va jahon futbolidagi katta transferlardan biriga guvoh bo‘lishimiz ehtimoldan xoli emas. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar