date

Marokashga sayyohlar oqimi ortib, yangi rekord o‘rnatildi

Marokashga sayyohlar oqimi ortib, yangi rekord o‘rnatildi
So‘nggi yillarda turizm sohasida jiddiy islohotlar va keng ko‘lamli tashviqot ishlarini olib borayotgan Marokash 2025 yilning may oyiga qadar 7,2 million sayyohni qabul qilganini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 foizga yuqori bo‘lib, mamlakat turizm sohasida yangi rekordni qayd etdi. Bu haqda AZƏRTAC agentligi xabar berdi.

Marokash Turizm, hunarmandchilik, ijtimoiy va kooperativ iqtisodiyot vazirligi mazkur natijalar mamlakatning global turizm bozoridagi nufuzini yanada mustahkamlayotganini ta’kidladi. Vazirlikning bildirishicha, bu o‘sish so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan strategiya va investitsiyaviy islohotlarning samarasidir.

Vazir Fotima Zahra Ammor ta’kidlashicha, turizm sohasidagi bu kengayish mamlakatning sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi jozibadorligini namoyon etmoqda. Bu esa 2023–2026-yillarga mo‘ljallangan milliy Turizm yo‘l xaritasini amalga oshirish bilan bevosita bog‘liq. Ushbu dastur doirasida havo qatnovlarini yaxshilash, turli mamlakatlarda reklama kampaniyalarini kuchaytirish, turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va turizm infratuzilmasiga investitsiyalarni rag‘batlantirish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.

Ammorning fikricha, bu muvaffaqiyatli natija Marokash hukumati tomonidan 2030 yilgacha 26 million sayyohni qabul qilish bo‘yicha belgilangan ulkan rejalarning amalga oshishiga ishonch bag‘ishlaydi.

Marokash sayyohlar uchun nafaqat boy tarixiy merosi va qadimiy shaharlari, balki zamonaviy mehmonxona infratuzilmasi, madaniy tadbirlar, tabiiy go‘zallik va mehmondo‘stlik an’analari bilan ham jozibador bo‘lib bormoqda.

Turizm salohiyatini yanada kengaytirishga qaratilgan harakatlar natijasida Marokash Afrika qit’asidagi yetakchi turizm markazlaridan biriga aylanish arafasida turibdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Marokashga sayyohlar oqimi ortib, yangi rekord o‘rnatildi
OSZAR »